Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi («O‘zdavkinokompaniya»)ni tashkil etish to‘g‘risidagi Farmoniga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 maydagi 224-sonli qarori bilan milliy kinosan’atni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi («O‘zdavkinokompaniya») tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasining qarorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi ijodiy-ishlab chiqarish, kino va videoprokat tashkilotlari faoliyatlarini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat organi hisoblanishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekkino» davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish to‘g‘risida»gi 1996 yil 29 apreldagi PF-1427-sonli farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 12 iyuldagi 247-sonli qarori bilan «O‘zdavkinokompaniyasi» va O‘zbekiston kinematografchilari uyushmasi negizida «O‘zbekkino» Davlat aksionerlik kompaniyasi tashkil etildi.

Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida» 2004 yil16 martdagi PF-3407-sonli farmoniga muvofiq hamda kinematografiya sohasidagi respublika va hududiy organlar faoliyatining samaradorligini ta’minlash, kino va video mahsulotlarini ishlab chiqarish, ko‘paytirish hamda namoyish etish tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 17 martdagi 126-sonli qaroriga asosan, «O‘zbekkino» Milliy agentligi tashkil etildi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • kino san’atining milliy madaniyatni rivojlantirish, jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda, bu sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • kino san’atida, kino-videofaoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
  • kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, mulkchilik shaklidan qati nazar, korxona va kinostudiyalarni, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • milliy kino san’atining eng yaxshi an’analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iqtidorli yosh kinematografchilarni tarbiyalash, ularning ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat filmlar fondi faoliyatini bugungi kun talablari negizida tashkil etish;
  • kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar tashkil etish orqali takomillashtirish va qayta texnik jihozlash, aholiga kino-videoxizmat ko‘rsatish darajasini oshirish;
  • mualliflik huquqlari himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga, ulardan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi zarur choralar ko‘rish;
  • import va eksport qilinadigan kino va video mahsulotlariga ekspert bahosi berilishini amalga oshirish, respublika hududida kino va videofilmlar ko‘rsatish va ulardan texnik jihatdan foydalanishning qoidalarini belgilash;
  • kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va kinoijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san’atini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech