Agentlik haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi («O‘zdavkinokompaniya»)ni tashkil etish to‘g‘risidagi Farmoniga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 maydagi 224-sonli qarori bilan milliy kinosan’atni yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi («O‘zdavkinokompaniya») tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasining qarorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi ijodiy-ishlab chiqarish, kino va videoprokat tashkilotlari faoliyatlarini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat organi hisoblanishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekkino» davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish to‘g‘risida»gi 1996 yil 29 apreldagi PF-1427-sonli farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 12 iyuldagi 247-sonli qarori bilan «O‘zdavkinokompaniyasi» va O‘zbekiston kinematografchilari uyushmasi negizida «O‘zbekkino» Davlat aksionerlik kompaniyasi tashkil etildi.
Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida» 2004 yil16 martdagi PF-3407-sonli farmoniga muvofiq hamda kinematografiya sohasidagi respublika va hududiy organlar faoliyatining samaradorligini ta’minlash, kino va video mahsulotlarini ishlab chiqarish, ko‘paytirish hamda namoyish etish tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 17 martdagi 126-sonli qaroriga asosan, «O‘zbekkino» Milliy agentligi tashkil etildi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- kino san’atining milliy madaniyatni rivojlantirish, jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda, bu sohani umumbashariy va milliy qadriyatlar uyg‘unligi asosida taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
- kino san’atida, kino-videofaoliyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
- kinematografiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, mulkchilik shaklidan qati nazar, korxona va kinostudiyalarni, ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlik va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- milliy kino san’atining eng yaxshi an’analarini izchil davom ettirish va boyitish maqsadida iqtidorli yosh kinematografchilarni tarbiyalash, ularning ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat filmlar fondi faoliyatini bugungi kun talablari negizida tashkil etish;
- kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar tashkil etish orqali takomillashtirish va qayta texnik jihozlash, aholiga kino-videoxizmat ko‘rsatish darajasini oshirish;
- mualliflik huquqlari himoyalangan kino va video mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga, ulardan foydalanish, ijaraga berish va tarqatishga qarshi zarur choralar ko‘rish;
- import va eksport qilinadigan kino va video mahsulotlariga ekspert bahosi berilishini amalga oshirish, respublika hududida kino va videofilmlar ko‘rsatish va ulardan texnik jihatdan foydalanishning qoidalarini belgilash;
- kinematografiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy kino mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish, xorijiy kino ishlab chiqaruvchi tashkilot va kinoijodkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, milliy kino san’atini xalqaro kinofestivallarda namoyish etish.