Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
1 Mar 2018

“3rd Rock multimedia” prodyusserlik kompaniyasi Hindistonda katta mavqega ega bo'lib, bir qator taniqli hind san'atkorlari bilan hamkorlik qiladi. Ushbu kompaniya tomonidan suratga olinadigan videomahsulotlar You-Tube’dagi 30 mln. kishiga yaqin a'zolari bo'lgan T-Series kanalida namoyish etiladi. Kompaniyaning marketing bo'limi rahbari janob Raj Surining ta'kidlashicha, hindistonlik qo'shiqchilarning kliplarini O'zbekistonda suratga olish, mamlakat turizmi rivojiga o'zining ijobiy ta'sirini o'tkazishi mumkin. 
      
      "O'zbekistonga keladigan har bitta hind san'atkori bu haqda albatta ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum qiladi. Ularni esa millionlab muxlislari doimo kuzatib borishadi", deydi janob Suri. 

     Mumbayning «Dimaz Agastyaa Productions Private Limited» kinokompaniyasi esa 1990 yillardan boshlab MDH mamlakatlari bilan sayyohlik, yuk tashish va filmlar suratga olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu kinokompaniya vakillari Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Baxodur Shastrining hayotiga bag'ishlangan qisqa metrajli filmning ba'zi lavhalarini O'zbekistonda suratga olish taklifini bildirishmoqda. Mazkur film Lal Baxodur Shastrining hayoti va faoliyatini o'rganayotgan yosh jurnalist haqida bo'lib, unda “Toshkent shartnomasi” va Lal Baxodur Shastrining Toshkent shahridagi vafoti haqida hikoya qilinadi. 

“O'zbekkino” MA Bosh direktori Furqat Zokirov O'zbekiston va Hindiston respublikalari o'rtasida azaliy do'stona aloqalar mavjudligi, bunda ayniqsa kinematografiya sohasi alohida o'rin egallashini qayd etib o'tdi. 

     "O'zbek tomoshabinining hind kinolariga bo'lgan mehri o'zgacha. Ular “Bollivud”dagi yangiliklarni doimo kuzatib borishadi. Sohada yo'lga qo'yiladigan o'zaro hamkorligimiz har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'ladi degan umiddaman", deydi F.Zokirov. 

Uchrashuvda har ikki masala yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech