Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
16 Aug 2017

Joriy yilning 16 avgust kuni Milliy matbuot markazida «Mustaqillik yillarida milliy kinematografiya san’ati: kecha, bugun va ertaga» mavzusida matbuot anjumani о‘tkazildi.

Unda Agentlik rahbariyati, tizim tashkilotlari rahbarlari, taniqli va yosh kinoijodkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda, 2017 yilning о‘tgan davrida “О‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

Ta’kidlandiki, о‘tgan 7 oyda Davlat buyurtmasi asosida 10 ta badiiy, 5ta multiplikatsion, “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnalining 1-2-3-4-soni, 28ta hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar ishlab chiqarishga tushirildi.

Yanvar oyida “Dadam betob” (Z.Musoqov) va “Isnod” (R.Muxammadjonov) nomli davlat buyurtmasiga asosan suratga olingan badiiy filmlarning jamoatchilik uchun taqdimoti bо‘lib о‘tdi.

2016 yilda davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilgan “Xazonrezgi” nomli badiiy film (rej.: Z.Musoqov) Rossiya Kinoakademiyasining “Nika” mukofotiga MDH va Boltiqbо‘yi davlatlarining eng yaxshi badiiy filmi nominatsiyasi bо‘yicha nomzod bо‘ldi.

Mamlakatimizda 24-26 mart kunlari “Yapon kinosi kunlari”, 11-13 aprel kunlari “Turkman kinosi kunlari”, 3-7 may kunlari “Shum bola” IV о‘zbek va nemis kinolari festivali, 22-23 may kunlari Gruzin kinosi kunlari hamda 22-28 may V Yevropa kinolari festivali muvaffaqiyatli tashkil etildi.

3-7 aprel kunlari “China Film Promotion International” kompaniyasi bosh direktori Gu Guotsin boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurib, kinematografiya sohasida amaliy hamkorlikka doir “Bir makon, bir yо‘l” loyihasi asosida 6ta taklif bildirdi. Hozirgi kunda mazkur takliflar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kо‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, “О‘zbekkino” Milliy agentligining bir guruh vakillari Ximtoy davlatida bо‘lishib, bir qator kelishuvlarga erishdilar.

Joriy yilda Slovakiya, Estoniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Rossiya davlatlarida “О‘zbek kinosi kunlari”ni о‘tkazish bо‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Yurtimizda esa Italiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning milliy filmlarini namoyish etish rejalashtirilgan.

Davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyatlari institutlari rolini oshirish maqsadida “Kinematografiyani rivojlantirishga kо‘maklashish markazi” nodavlat-notijorat tashkilotining faoliyati yо‘lga qо‘yildi.

Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Shu kunga qadar, Toshkent, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida tadbirlar о‘tkazildi.

“PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III Respublika festivalini о‘tkazish bо‘yicha tashkiliy ishlar boshlab yuborildi. Festival Nizomi mutaxassislar ishtirokida tayyorlanib, agentlikning veb-sayti orqali e’lon qilindi. Unda 35 yoshga tо‘lmagan kinoijodkorlar sо‘nggi 2 yil mobaynida suratga olingan qisqa metrajli badiiy filmlari bilan qatnashishlari mumkin. Mazkur Festival joriy yilning noyabr oyida bо‘lib о‘tadigan “Yoshlar haftaligi” doirasida tashkil etiladi. Hozirda yosh ijodkorlardan arizalar qabul qilish jarayoni davom etmoqda.

Hozirgi kunda agentlik oldida turgan eng katta muammolardan biri, bu – kinematografiya sohasida normativ-huquqiy bazaning mustahkam emasligi alohida aytib о‘tildi.

О‘tgan yillarda sohaga raqamli kinotexnologiyalar, 3D va boshqa bir qancha tushunchalar kirib kelganki, bular bugungi kunda amalda bо‘lgan hujjatlarda о‘z aksini topmagan.

Shu bilan birga, hozirgi kunda xususiy kinostudiyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan va namoyish uchun xorijdan olib kelinayotgan filmlarni badiiy ekspertizadan о‘tkazish bо‘yicha ham agentlikning vakolatlari cheklangan.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi PQ-3176-sonli Qarori ayni mudaao bо‘lganligi, qarorda barcha muammolarni hal etish bilan birgalikda, sohani rivojlantirishning eng muhim yо‘nalishlari, vazifalar belgilab berilganligi tо‘g‘risida axborot berildi.

Mazkur Qaror milliy kinematografiya sohasining meyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohada faoliyat kо‘rsatayotgan ijodkorlarni qо‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish, kinematografiya obyektlarini tо‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirishning barcha yо‘nalishlarini qamrab oladi.

Shu bilan birga, “О‘zbekfilm” kinostudiyasining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bо‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bu ishlarni loyihalashtirish “О‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasining tajribali arxitektorlari tomonidan, qurilish ishlari esa “12-trest” aksiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilmoqda.

“О‘zbekfilm” kinostudiyasini modernizatsiya qilish va eng sо‘nggi raqamli kino texnologiyalar bilan jihozlash maqsadida 2016 yilda Chexiya, Koreya, Germaniya va Rossiya kabi kino ishlab chiqarish sohasi rivojlangan davlatlarining tajribasi joyiga chiqib о‘rganildi. ARRY, SONY, Broadcast Solutions kabi AQSH va Germaniyadagi jahonning eng ilg‘or kino kompaniyalari vakillari bilan hamkorlik masalasida muzokaralar о‘tkazildi, modernizatsiya jarayoniga xorijiy konsultantlar ham jalb qilinadi.

Anjumanda jurnalistlar о‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan kinoijodkorlarga murojaat etishdi, bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.

Manba: Agentlik axborot xizmati
Просмотров: 271
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech