Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
12 Jan 2018

2018 yil 12 yanvar kuni “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan kengaytirilgan yig'ilish - brifing o'tkazildi. Yig'ilish 2017 yilning 29 dekabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida kinematografiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar bo'yicha o'tkazilgan majlisda muhokama etilgan masalalarga bag'ishlandi. 


Unda “O'zbekkino” Milliy agentligining boshqarma va bo'limlari, tizim tashkilotlari rahbarlari, O'zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi a'zolari, xususiy kinostudiyalar vakillari ishtirok etdi. Dastlab ishtirokchilar e'tiboriga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida kinematografiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar bo'yicha o'tkazilgan majlis haqida tayyorlangan videolavha namoyish etildi. Shundan so'ng, “O'zbekkino” MA Bosh direktori Furqat Zokirov hamda Bosh direktorning birinchi o'rinbosari Shuhrat Rizayev O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida bo'lib o'tgan majlisda muhokama etilgan masalalar, xususan Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy kino san'ati va kinoindustriyasini taraqqiy ettirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi fikrlarining mazmun-mohiyati, ularni amaliyotga joriy etishga doir vazifalar xususida yig'ilganlarga atroflicha ma'lumot berdilar. 


Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mamlakatimizda milliy kinematografiyani rivojlantirish borasida muhim huquqiy hujjat bo'lib xizmat qilmoqda. Yig'ilishda mazkur qaror ijrosini ta'minlashga doir ishlab chiqilgan rejalar va amalga oshirilayotgan ishlarga ham to'xtalib o'tildi. Brifing ishtirokchilari davlatimiz rahbarining sohada malakali kadrlarning yetishmasligi va bu muammoni ijobiy hal etish maqsadida, madaniyat va san'at yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalarida ixtisoslashgan fakultetlarni joriy etish, xorijning ilg'or ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish va yurtimizda ularning filiallarini tashkil etish yuzasidan bildirgan fikr va takliflarini olqishladilar. 


Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hududlarda, jumladan har bir shahar va tumanlarda kinoteatrlar, yozgi kinoteatrlar qurish vazifasi belgilangan. Brifingda shu masala yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga ham atroflicha to'xtalib o'tildi. Bunda joylarda mavjud kinoteatrlarni qayta rekonstruktsiya qilish, zamon talablari asosida yangilarini qurish bo'yicha sayi-harakatlar boshlangani ma'lum qilindi.  


Unda, shuningdek, mamlakatimizda yagona kinoprokat tizimini joriy etish, eng olis va chekka hududlarda filmlar namoyishini tashkil qilish, tarixiy hamda bugungi zamonamiz qahramonlari haqida filmlar yaratish, yosh kinoijodkorlarning grant asosida xorijda ta'lim olishlarini qo'llab-quvvatlash, kinofondda saqlanayotgan filmlarni restavratsiya qilish, dublyaj qilish, o'zbek filmlarining xalqaro nufuzli kinofestivallarda namoyish etishini ta'minlash, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda filmlar suratga olish kabi dolzarb vazifalar Prezidentimiz tomonidan alohida ta'kidlab o'tilgani qayd etildi.


Yig'ilshda ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan, 2017 yilning 29 dekabrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida kinematografiya sohasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar bo'yicha o'tkazilgan majlis Bayonnomasi ma'lumot uchun qabul qilindi va unda belgilangan topshiriqlarning ijrosini so'zsiz ta'minlash belgilab olindi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech