Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
31 Jul 2018

“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan joriy yilning 30 iyul kuni soat 18.00 da Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda hujjatli filmlar taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda quyidagi hujjatli filmlar namoyish etildi.

“Osuda hayot qadri”

Aynan o‘zining mustaqil fikri, oldiga qo‘ygan maqsadi, yetarlicha bilim-ko‘nikmasi,kelajakka ishonchi bo‘lmagan yoshlar bugun ekstremistik guruhlar uchun zo‘r qurolga aylanmoqda. Ularni aldash ham qiyin emas, negaki bunday yoshlarning ongida bo‘shliq paydo bo‘lgan.

Muqaddas dinimizni niqob qilib olib, “Islom davlati” yoki “xalifalik” qurish iddaosi bilan chiqqan, aslida qabih maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan ayrim kimsalar so‘nggi paytda jahondagi ko‘plab davlatlar tinchligi, barqarorligiga raxna solmoqda.

Internet – bugun terrorchilar uchun yoshlarni o‘z tomoniga og‘diruvchi asosiy qurollaridan biri bo‘lsa, bilimli, komillikka intilayotgan va kelajakka aniq maqsad bilan odimlayotgan yoshlar uchun internet - eng qulay axborot va muloqot manbayidir.

Filmda har birimiz osuda hayotimizning qadriga yetishimiz, tinchligimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz zarurligi haqida so‘z yuritiladi.

“HAYOT QAYIG‘I”

Filmda biz sevgan, ardoqlagan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi.

“Alvido, bolalik!”, “So‘nggi o‘q”, “Murdalar gapirmaydilar”, “Charxpalak”, “Talvasa”, “Shaytanat”, “Ov”, “Umidlar dashti”, “Iblis devori” kabi bir biridan qiziqarli, insonni vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi, turli jinoyatlar jarayonini qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini bayon qiluvchi, jamiyatni jinoyatchilarsiz ravnaq topishini orzu qiladigan asarlar muallifi Tohir Malikdir.

Tohir Malik xalqqa yaqin bo‘lganining yana bir siri u – hazil-mutoyibani xush ko‘radi. Bir qator hajviy asarlari, kulgilari bilan o‘quvchilarga zavq-shavq ulashadi. Adibning, ayniqsa bolalarga mehri o‘zgacha. Shu boismi, uning asarlarida bolalarcha beg‘uborlik, bag‘rikenglik, samimiyatni ham ilg‘ash mumkin. Filmda Tohir Malikning shu kabi barcha xislatlar ochib berilgan.

“HAQ YO‘LI, ALBATTA BIR O‘TILGUSI”

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan mazkur filmda mustabid tuzum davrida ma’naviy qadriyatlarimiz va iqtisodiy hayotimiz izdan chiqarilgani tarixiy siymolarimiz bo‘lmish Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniylar misolida mazmun-mohiyati aks ettiriladi. Shuningdek, oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Ajdodlarning eng muqaddas orzusi ushaldi - yurt mustaqil bo‘ldi.

Istiqlol bizga bergan ne’mat va ularning qadriga yetish, ajdodlarimizning asriy orzulari bo‘lmish Mustaqillikni mustahkamlash uchun har bir yurtdoshimiz mas’ulligi, endi faqat faxr va g‘urur bilan emas, balki avlodlar oldidagi mas’uliyat bilan yashash – bugungi ulug‘ kunlar talabi ekani haqida misollar bilan so‘z yuritiladi.

Manba: не указан
Просмотров: 113
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech