Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
10 Jul 2018
Hurmatli Shuhratilla Tursunovich!
Ijodkorlarni “ruhiyat muhandislari”, “ma’naviyat posbonlari”, “milliy o‘zlik muhofizlari” deb ta’riflashadi. Bu ta’riflarning barchasini Siz, aziz Shuhrat akaga nisbatan qo‘llasak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Barakali ijodiy umringiz davomida Siz mohir pedagog, nuktadon adabiyotshunos, teatr, kino, musiqa san’atlarining javharshunosi sifatida ilm va ziyo ahli orasida tanildingiz. Ayniqsa, mustaqillik davridagi ma’naviy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida fan va madaniyatning turli jabhalarida Ozod Sharafiddinov, Ibrohim G‘ofurov, Erkin Vohidov, Bahodir Yo‘ldoshev kabi millatning fidoyi farzandlari bilan maslakdosh bo‘lganingiz, milliy ma’naviyatimizning tiklanishi va yuksalishi yo‘lida beg‘araz va beta’ma qilgan xizmatlaringiz alohida e’tirofga sazovor.
Ilm va amalni bir-biriga esh bilib, milliy uyg‘onish davri adabiyotining nuktadon tadqiqotchisi bo‘libgina qolmay, ularning armonlarini istiqlol zamonida ro‘yobga chiqish yo‘lida ham dramaturg, ham kinoshunos, ham ma’naviyatshunos, ham adabiyotshunos va eng muhimi – insonshunos o‘laroq maydonga chiqib, o‘z kuzatuv va xulosalaringiz bilan yangi avlodni bahramand etib kelmoqdasiz. Siz uzoq yillar turli mas’ul vazifalarda ishlash barobarida bugun respublikamizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan davlat arboblarining ustozi sifatida ham tanilgansiz. Qaysi lavozim, qaysi joyda ishlashingizdan qat’i nazar, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida kamarbasta bo‘lib kelayotganingizni hisobga olib, Davlatimiz Rahbari eng nozik sohalardan biri – “O‘zbekkino” Milliy agentligining mas’uliyatini Sizga yukladi.
O‘tgan davr mobaynida kino sohasida amalga oshirilgan barcha xayrli ishlarimizda Sizning bevosita ishtirokingizni alohida mamnuniyat bilan e’tirof etmog‘imiz joyiz. Jamoamizning har bir a’zosi Sizning siymongizda talabchan va adolatli rahbar, g‘amxo‘r murabbiy, beg‘araz do‘st, otalik va akalik mehrini hech kimdan ayamaydigan dilbar insonni ko‘radi.
Qadrli Shuhrat aka!
“O‘zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati Sizni barkamol 60 yoshingiz bilan qutlaydi. Sog‘ligingiz mustahkamligi, farzandlaringiz va shogirdlaringiz kamoli, mehnatingizning munosib qadrlanishi, ezgu niyatlaringizning ijobatidan hosil bo‘ladigan baxtli onlar umringizning har bir daqiqasini bezasin! Tug‘ilgan kuningiz muborak!
“O‘zbekkino” Milliy agentligi jamoasi
Manba: "O'zbekkino" MA matbuot xizmati
Просмотров: 150
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech