Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
8 Apr 2017

O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 6-10-aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining “China Film Promotion International” kompaniyasi bosh direktori Gu Guotsin boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi.

Xitoy kinokompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan dastlabki ijodiy uchrashuv 7-aprel kuni Respublika Kinochilar uyida o‘tkazildi.

Unda Gu Guotsin rahbarligidagi delegatsiya a’zolari – “China Film Promotion International” kompaniyasi Katta kotibi Van Xueyfan, Guanchjouning “Feyda” ovoz yozish kompaniyasi raisi o‘rinbosari Xe Feyfen, Anxueyning “Insininmu” kino va televideniye kompaniyasi Bosh direktori Su Yan, shuningdek, yurtimizda faoliyat yuritayotgan xususiy kinostudiya va kinoteatrlar rahbarlari, bir qator kinoijodkorlar, kinoshunoslar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Otabek Musayev va Xitoy delegatsiyasi rahbari Gu Guotsin so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlar qatori kinematografiya san’ati sohasida ham tobora rivojlanib borayotganini ta’kidlandi.


Jumladan, 2015-yil 7-9-sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Xitoy kinosi kunlari”, 2016-yilning 28-iyun – 5-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin, Shanxay va Sian shaharlarida tashkil etilgan “O‘zbek kinosi kunlari” festivali amaldagi do‘stona aloqalarning yorqin ifodasi ekanligi aytib o‘tildi.

Kinematografiya sohasida o‘zaro tajriba almashish, istiqbolli loyihalar, jumladan, “Bir qutb – bir yo‘l” loyihasini ko‘rib chiqish, hamkorlikda qisqa metrajli, animatsion, hujjatli va badiiy filmlarni suratga olish, turli festival va madaniy tadbirlar o‘tkazish, mamlakatimizdagi xususiy kinoteatrlar va kinostudiyalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi bir qator kinoteatrlarga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi hamda sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar tuzib olindi.

Gu Guotsin boshchiligidagi delegatsiya 8-9-aprel kunlari Samarqand va Buxoro shaharlarida safarda bo‘lib, tarixiy qadamjolar va boshqa madaniy yodgorliklar bilan tanishadi.


Manba: Axborot xizmati
Просмотров: 256
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech