Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
22 Dec 2015
Avval xabar berilganidek, 21-dekabr – Xalqaro qisqa metrajli filmlar kuni munosabati bilan, respublikamizdagi barcha kinoteatrlarda “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar festivalida g‘olib va sovrindor bo‘lgan kinofilmlarning namoyishlari tashkil etildi. Shu bilan birga, Respublika Kinochilar uyida mazkur sanaga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. 
Unda taniqli va yosh kinoijodkorlar, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqan kinoshunoslar Feruza Nodirova va Elmira Hasanova barchani Xalqaro qisqa metrajli filmlar kuni bilan tabriklab, yurtimizda yosh kinoijodkolarga yaratilib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari va yanada yuksak marralarni egallashlari lozimligini aytib o‘tishdi.

 Davra suhbatidan so‘ng “PROlogue” festivali mobaynida suratga olingan quyidagi 4ta qisqa metrajli filmning premerasi tashkil etildi. 

1. “Lahzada hayot” – filmni suratga olish jarayonida notanish shaxs bosh rol ijrochisining sumkasini o‘g‘irlaydi, bir oz o‘tmay aktrisaning ahvoli og‘irlashadi, unga o‘g‘irlangan sumkadagi dori zarur... (Rejissyor – Madrahim Karimov, ssenariy muallifi va sahnalashtiruvchi rejissyor – Bobur Yo‘ldoshev, operator – Samijon Sunnatullayev, bosh rollarda – Sherali Ortiqov, Saida Umarova, Bastakor – Ilhom Sultonov, rassom – Alisher To‘laboyev)

 2. “Taksi” – yosh taksi haydovchisi bir kunda turli xil insonlarni o‘z manziliga elitayotib, yo‘lovchilarning kayfiyatlariga sherik bo‘ladi... (Rejissyor va ssenariy mualliflari – Doston Xojimatov va Mashrab Aliqulov, operator – Mashrab Aliqulov, bosh rollarda – Anvar Kenjayev, Sherali Ortiqov, Alisher Otaboyev, Mumtoz Shermatiy, Fotima Aripova, Kumush O‘ktamova, To‘lqin Xolmurodov, Shoxruh Nazarov, Ayubxon Abdujalilov, Abdulloh Shohobiddinov)

3. “Imtihon” – imtihonga shoshayotgan yigit liftda qamalib qoladi... (Rejissyor va ssenariy muallifi – Dmitriy Shexovsev, operator – Sardor Anvarov, bosh rollarda – Sanjar Urmanov, Gavxar Hakimova, Muslimboy Madiyev) 

4. “Kuz yomg‘iri” – yigit va qiz kuzning ilk yomg‘irida uchrashishlari kerak edi. Ammo, yigitning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi va belgilangan joyda uchrasha olmaydilar... (Rejissyor – Laziz Ashuraliyev, ssenariy muallifi – Xulkar G‘afforava, operator – Hasan Alijonov, bosh rollarda – Tal’at Yo‘ldoshev, Feruza Normatova, Kumush O‘ktamova, bastakor – Ilhom Sultonov, kompyuter grafikasi va postprodakshn – Aziz Husanjonov)
Просмотров: 1201
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech